FIA Prezidenti Muhammad Ben Sulayem Toshkentga keldi
FIA Prezidenti Muhammad Ben Sulayem Toshkentga keldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Bosh assambleyasi va yil yakunlariga bagʻishlangan turli tadbirlarning faxriy mehmoni — FIA Prezidenti Muhammad Ben Sulayem bugun poytaxtimizga tashrif buyurdi.
Martabali mehmonni Sport vazirligi, MOQ hamda mamlakat avtosport va karting federatsiyasi rahbariyati kutib oldi.
Poytaxtda yaqin kunlarda FIA Bosh Assambleyasi va global avtosportdagi muhim tadbir bo'lgan FIA mukofotlarini topshirish marosimi bo'lib o'tadi.
Tashrif doirasida rasmiylar “Girls on track” loyihasida qatnashayotgan qizlar bilan uchrashib, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashdi.
Shuningdek, Sport vazirligida har ikki tomon oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilib, unda bo‘lajak tadbirga tayyorgarlik jarayonlari, oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqboldagi qoʻshma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Qolaversa, Sport vazirligi va FIA oʻrtasida “Sportda onlayn tajovuzga qarshi birlashish” (United against online abuse) loyihasi doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi.