Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyun bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar farmatsevtika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Suhbat chog‘ida Xitoy tomoni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning strategik xususiyatini taʼkidlab, ilmiy-tadqiqot sohasida, faol farmatsevtik substansiyalar (API) ishlab chiqarish, anʼanaviy dori vositalarini yaratish, shuningdek, biznes va assotsiatsiyalar vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishda hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Agentlik direktori o‘z navbatida, "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasining imkoniyatlari, jumladan, erkin iqtisodiy zonalar rejimi, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, MDH va Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish bo‘yicha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil maʼlumot berdi.
omonlar Xitoy farmatsevtika kompaniyalari va O‘zbekiston farmatsevtika klasteri o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish, axborot almashish va potensial hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.