Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida “Kusum Healthcare” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Agentlikda Hindistonning Kusum Healthcare kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya vakillari korxona tarixi, hozirgi faoliyat yo‘nalishlari hamda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil maʼlumot taqdim etdilar. Shuningdek, amalga oshirilayotgan investitsion loyiha doirasida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar muhokama qilindi.
Agentlik direktori Abdulla Azizov tomonidan kompaniya vakillari bildirgan masalalar diqqat bilan tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi. Agentlik mazkur muammolarni ijobiy hal etishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda o‘tdi hamda tomonlarga kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun zamin yaratdi.