Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish rag‘batlantiriladi
Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish rag‘batlantiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yilda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan: ishlab chiqarish hajmini 8,5 trln so‘mga yetkazish, qiymati 1 mlrd AQSH dollari bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish, 800 mln AQSH dollarlik yangi investitsiya loyihalarini boshlash.
Farmonga ko‘ra, original dori vositalarining patent muddati tugagandan so‘ng 1 yil ichida: ushbu dorilarning ishlab chiqaruvchilariga texnologiyalar transferi xarajatlarining 50 foizi, biroq 50 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi, yoki mahsulotni yaratishdagi ilmiy tadqiqot xarajatlarining 50 foizi, biroq 100 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.
2027 yil 1 yanvardan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo‘lgan korxonalarga ularning ishlab chiqarish liniyalarida sertifikat amal qilish muddatida biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
2026 yil 1 iyundan farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha BHMning 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qarzdorlik mavjud bo‘lganda, qarzdorlik ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab 10 kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2028 yil 1 yanvardan boshlab: biologik faol qo‘shimchalarga ruxsatnoma berishda Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (HAACP) tizimi joriy etilganligi talab etiladim, biologik faol qo‘shimchalar majburiy raqamli markirovkalashdan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti va “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti (Institut) tashkil etiladi.