Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik istiqbollari va innovatsion loyihalarni muhokama qildi
Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik istiqbollari va innovatsion loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 2 fevral kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Toyvo Klar hamda loyihalar bo‘yicha menejeri Akmal Rustamov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Yevropa Ittifoqining «Horizon Europe» tadqiqot va innovatsiya loyihasi, uning farmatsevtika sohasidagi qo‘llanilishi, istiqbollari hamda kelgusida erishilishi mumkin bo‘lgan natijalar xususida atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, farmatsevtika tarmog‘ida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni izchil kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv doirasida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, zamonaviy ilmiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, farmatsevtika tarmog‘ida fan, taʼlim va innovatsiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.