Farmatsevtika rivojlanishi agentligi va Qurecraft kompaniyasi klinik tadqiqotlar sohasida hamkorlikni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov “Qurecraft” xalqaro shartnomaviy tadqiqot tashkiloti bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistonda klinik tadqiqotlarni rivojlantirish uchun davlat-xususiy sheriklik (DXSH) doirasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. Xususan, raqamli infratuzilmani yaratish, tibbiyot muassasalarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, xorijiy farmatsevtika kompaniyalarini mamlakatga jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Qurecraft” kompaniyasi dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash va meʼyoriy-huquqiy qo‘llab-quvvatlashga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Tadqiqotlarni boshqarishning shaffof tizimini shakllantirish, bemorlarning yagona reyestrini yuritish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar DXSH konsepsiyasini yana-da takomillashtirish va tegishli biznes-keysni tayyorlashga kelishib oldilar.