Farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish takomillashtiriladi
Farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish takomillashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat xaridi elektron tizimi operatorining elektron tizimida “Farma.xarid.uz” moduli (Modul) yaratiladi.
Davlat buyurtmachilari tomonidan dori vositalari va tibbiy jihozlar bo‘yicha davlat xaridlarini majburiy ravishda Modul orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1 iyuldan quyidagilarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlari bilan dori vositalari va tibbiy jihozlar bo‘yicha davlat xaridlarida ishtirok etishiga ruxsat beriladi:
dori vositalari bo‘yicha “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchilar;
tibbiy jihozlar bo‘yicha “ISO:13485” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchilar;
“Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” sertifikatiga ega dori vositalarini ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar (distribyutorlar).
2026 yil 1 martdan Andijon va Namanganda ro‘yxatdan o‘tgan davlat buyurtmachilari, 2026 yil 1 iyuldan barcha davlat buyurtmachilari tomonidan farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari Modul orqali amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan “Pharma.gov.uz” portalida davlat xaridlari sohasida foydalaniladigan tovarlarning milliy klassifikatoridan foydalanib hamda xaridlar hajmlarini ko‘rsatgan holda, barcha farmatsevtika mahsulotlarining reyestri eʼlon qilib boriladi.