Farmatsevtika faoliyatini takomillashtirish to'g'risidagi qonun birinchi o'qishda qabul qilindi
Farmatsevtika faoliyatini takomillashtirish to'g'risidagi qonun birinchi o'qishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, yuqori talabga ega bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni mahalliylashtirish, yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi tartibda buyurtma asosida ishlab chiqariladigan dori vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasining aynan buyurtmani bajaruvchi tashkilotga berilishi texnologiyalar transferini cheklamoqda. Qonun loyihasida mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida “texnologiyalar transferi” tushunchasi kiritilmoqda. Ya’ni, dori vositalarini va tibbiy jihozlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonlarini bir farmatsevtika tashkilotidan boshqa farmatsevtika tashkilotining ishlab chiqarish maydoniga ko‘chirish amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.
Shuningdek, loyihada hujayra texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan biotexnologiya vositalarini dori vositalari sifatida e’tirof etish va sog‘liqni saqlash amaliyotida qo‘llashning huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilyapti.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib, undagi qator normalar yuzasidan qonun tashabbuskorlariga savollar berdilar, loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar. Mutasaddilar tomonidan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi mahalliy farmatsevtika korxonalari quvvatini oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalar transferini joriy etish, sog‘liqni saqlash amaliyotida hujayra texnologiyalari asosidagi biotexnologiya vositalarini qo‘llash uchun huquqiy asos yaratish, shuningdek, tibbiy jihozlar importi va eksportini kengaytirish imkonini beradi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.