Fargʻonada qiymati 350 million dollarlik uchta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirildi
Fargʻonada qiymati 350 million dollarlik uchta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada 350 mln dollarlik uchta yirik investitsion loyihaning qurilishiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimligi masʼullari, xitoylik investorlar, kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘z olib, O‘zbekiston–Xitoy strategik sherikchiligi izchil rivojlanib, ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli o‘zaro ishonch, do‘stlik va manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida mustahkamlanayotganiga eʼtibor qaratdi. Xitoy O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan, savdo-iqtisodiy hamkor davlat ekanligi, bu esa hududlararo aloqalarni yana-da faollashishiga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
- Bugun viloyatimizda amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari buning yorqin tasdig‘idir. Ushbu tarixiy tadbir “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusini birgalikda amalga oshirishda, iqtisodiy va savdo munosabatlarini chuqurlashtirishda yana bir muhim qadam hisoblanadi, - dedi viloyat rahbari.
Qurilishi boshlanayotgan uchta yirik loyiha – Yevroosiyo xalqaro savdo markazi, Hilton DoubleTree mehmonxonasi va Foshan ishlab chiqarish sanoat parki — Farg‘ona viloyatining sanoat salohiyati, logistika imkoniyatlari va turizm infratuzilmasini yangi pog‘onaga ko‘taradi. Bu loyihalar xitoylik investorlar bilan olib borilgan muloqotlar va kelishuvlarning amaliy natijasidir.
Farg‘ona viloyatida xitoy kapitali ishtirokida 273 ta korxonalar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, yana yangi 100 ga yaqin istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani, bu bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlangani bildirildi.
Xitoylik investorlar tomonidan “Hengtai” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, ro‘yxatdan o‘tkazildi. Loyihaning umumiy qiymati 350 million dollar bo‘lib, Farg‘ona shahrida 40 gektar maydonda ilg‘or tajribalar asosida sanoat zonasi, Marg‘ilondagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy turizm markazida besh yulduzli mehmonxona va Farg‘ona tumanida 32 gektar maydonda savdo va logistika markazi barpo etiladi. 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Viloyat hokimi yangi loyihalar viloyat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishini eʼtirof etib, ular o‘zaro manfaatli, samarador va muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch bildirdi. Tashabbus uchun xitoylik hamkorlarga minnatdorligini aytib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Hengtai” korxonasi taʼsischisi Chen Mingbo va Xitoy turizm palatasi raisi Szi Syaodun, O‘zbekiston-Xitoy korxonalari savdo palatasi vitse-prezidenti Liu Jingmin va "Hilton Worldwide" kompaniyasi vakili Aleksey Shatalov O‘zbekistonda investorlar uchun katta imkoniyatlar yaratilayotganini, hamkorlik ko‘lami yana-da kengayib borayotganini taʼkidladilar.
O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lidagi strategik hudud ekanligi, xususan, Farg‘ona viloyati Yevroosiyo mintaqasi uchun muhim logistika markaziga aylanishi qayd etildi.
Tantanali marosimda “Hengtai” va "Hilton Worldwide" kompaniyalari o‘rtasida loyiha bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shundan so‘ng loyihalarning qurilishiga kirishilib, tamal toshi qo‘yildi.
Nuroniylar ishtirokida duolar qilinib, yurtga tinchlik-osoyishtalik, boshlangan ishlarga xayru barakalar tiladilar.