Fargʻona viloyati hokimi Turkiyada tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarishni koʻzdan kechirdi va hamkorlik memorandumini imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiyadagi amaliy tashrif doirasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Konya shahrida joylashgan tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchi “Medikal 2000” kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi hamda kompaniya boshqaruv raisi Nejip Chimen bilan uchrashdi.
“Medikal 2000” — Turkiyaning yetakchi tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlari uchun zamonaviy uskunalar, tibbiy mebel hamda maxsus elektr jihozlarini ham ishlab chiqaradi.
Hozirgi kunda korxona mahsulotlari qator mamlakatlarga, ayniqsa, so‘nggi besh yilda eng ko‘p O‘zbekistonga ham eksport qilinmoqda. “Medikal 2000” nafaqat Turkiyada, balki mintaqaviy tibbiy uskunalar bozorida ham ishonchli hamkor sifatida tanilgan.
Muloqotda kompaniya rahbari Nejip Chimen “Medikal 2000”ning Istanbul va Konya shaharlarida ko‘p qavatli uylar qurilishidagi ishtirokini ham ma’lum qildi. Shuningdek, uchrashuv davomida Nejip Chimen hamda viloyatimizda faoliyat olib borayotgan “Biotest Medikal” MCHJ rahbari Azimjon Mirzaliyev o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
25 million dollarlik loyiha doirasida Farg‘ona shahrida zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot shifoxonasi qurilishi ma’lum qilindi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Medikal 2000” kompaniyasining ishlab chiqarish jarayonlari va tayyor mahsulotlari bilan yaqindan tanishib, uning tibbiyot sohasidagi faoliyatini yuqori baholadi. Kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari kelishib olindi.