Farg'onada Yaponiyaning Shogun City investitsiya loyihasiga strat berildi
Farg'onada Yaponiyaning Shogun City investitsiya loyihasiga strat berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada yapon kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Shogun City” loyihasiga start berildi.
Shu munosabat bilan Farg‘ona shahridagi “Asia” mehmonxonasining anjumanlar zalida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov, Farg‘ona shahar hokimi Vosiljon Nazarov, “O‘zbekiston-Yaponiya savdo uyi” rahbari Bunyodbek Ibragimov, viloyatimizga tashrif buyurgan Okuda Takefumi boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmonlar delegatsiyasi vakillari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Yapon bog‘i, mehmonxona va restoranlar majmuasini o‘z ichiga olgan yirik va zamonaviy “Shogun city” loyihasi Yaponiyaning “Micado Development” kompaniyasi rahbari Okuda Takefumi boshchiligidagi investorlar tomonidan Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivi – “Ekoshahar”da amalga oshirilmoqda. Yapon madaniyati va me’morchiligi an’analari uyg‘unlashgan zamonaviy turar-joy majmuasi hamda biznes markazi ham barpo etiladi.
Tadbirda so‘z olganlar tomonidan O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari rahbarlarining yaqin, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari natijasida so‘nggi yillarda ko‘plab sohalarda aloqalar mustahkamlanib borayotgani, yurtimizda investorlar uchun qulay shart-shroitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Farg‘ona viloyati bilan Yaponiya o‘rtasida ham ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda “Shogun city” loyihasi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
“Loyihaning umumiy qiymati 60 mln AQSH dollarini tashkil qiladi va bu mening shaxsiy hayotim uchun ham, Yaponiya uchun ham juda katta loyiha hisoblanadi. Kelgusida O‘zbekiston va Farg‘ona uchun ham ulkan biznesga aylanadigan loyiha bo‘ladi”,- dedi Okuda Takefumi. Shuningdek, loyiha yapon investorlarini viloyatimizda faoliyat boshlashlarida o‘ziga xos platforma bo‘lishiga, viloyat turizm salohiyatini yanada oshirishiga ishonch bildirildi.
Tadbir doirasida viloyat rasmiylari, investor va hamkorlar ishtirokida mazkur loyiha boshlanishiga rasman start berildi.
Okuda Takefumi boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmonlar delegatsiyasi Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massividagi qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdilar. Shu yerda “Shogun city” loyihasining birinchi bosqichi “Sakura Garden” zamanoviy turar-joy majmuasi ofisining ham tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.