Farg'onada yangi energiya tejamkor nasos stansiyasi ochildi
Farg'onada yangi energiya tejamkor nasos stansiyasi ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekistonda qariyb 2,4 million gektar qishloq xoʻjaligi yerlari, ya’ni sugʻoriladigan maydonlarning 56% sug‘orilishi nasoslar ishiga bog‘liq. Mamlakatdagi 1700 ta irrigatsiya nasos stansiyalari har yili 7,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasidan foydalanadi, bu esa umumiy iste’molning 16% ini tashkil etadi. Shu sababli ularning energiya samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Jahon banki (144,9 mln dollar), Oʻzbekiston hukumati (18 mln dollar) va Yevropa Ittifoqi (12,9 mln dollar) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Fargʻona vodiysida suv resurslarini boshqarish. 2-bosqich” loyihasi irrigatsiya va drenaj xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan. U, jumladan, ushbu hududda faoliyat yuritayotgan ayrim nasos stansiyalarining ishini yaxshilash tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi. Loyiha Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Yaqinda Fargʻona viloyatiga amalga oshirilgan ishchi safar davomida Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Naji Benhasin loyiha doirasida qurilgan yangi “Avval-Logon” nasos stansiyasini koʻzdan kechirdi. U Suv xoʻjaligi vazirligi va mahalliy hokimiyat vakillari bilan birga stansiyani foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etdi.
Toʻliq avtomatlashtirilgan va uchta energiya tejamkor nasos agregatlari bilan jihozlangan mazkur stansiya soniyasiga 2,0 m³ (yiliga 63 mln m³) suv yetkazib bera oladi. U suvni 175 metr balandlikka koʻtara oladi va asosan aprel–iyun oylarida sugʻorishga muhtoj boʻlgan maydonlarni suv bilan ta’minlaydi.
Obyektga yangi muhandislik tarmoqlari, jumladan 10 000 kV kuchlanishli elektr podstansiyasi, 110 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyasi hamda 1 220 mm diametrli, uzunligi 9 kilometrdan ortiq bo‘lgan bosimli quvur ham tortilgan.
Nasos stansiyasi taxminan 5 000 gektar yerni suv bilan ta’minlaydi. U bir agroklasterga, qariyb 40 ta fermer xo‘jaligiga va Fargʻona viloyatidagi 14 ta qishloqda istiqomat qiluvchi 3 000 dan ortiq tomorqa egalariga irrigatsiya xizmatlarini koʻrsatadi.
Hozirga qadar loyiha doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Fargʻona vodiysida 46 000 gektar (loyiha hududining taxminan 50%) maydonda irrigatsiya va drenaj xizmatlarining sifatini oshirdi. Bu esa taxminan 48 000 nafar mahalliy fermer faoliyatiga (barcha benefisiarlarning qariyb 50%) ijobiy ta’sir koʻrsatmoqda.