Farg‘onada Xitoy kapitali ishtirokida yirik investitsiya loyihalari ko‘paymoqda

Farg‘onada Xitoy kapitali ishtirokida yirik investitsiya loyihalari ko‘paymoqda

Farg‘onada Xitoy kapitali ishtirokida yirik investitsiya loyihalari ko‘paymoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bugun Xitoyning “Jujiang Construction Group Co.,Ltd” kompaniyasi bosh direktori Lyu Yuntao boshchiligidagi investorlarni qabul qildi. Uchrashuvda o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat rahbari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqqanini e’tirof etib, xorijiy ishbilarmonlarning Farg‘onada biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishi kundan kunga ortib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, mehmonlarga hududning investitsion salohiyati va iqtisodiy imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

“Jujiang Construction Group Co.,Ltd” qurilish sohasida boy tajribaga ega yirik kompaniya hisoblanadi. Muloqot davomida kompaniya vakillari o‘z faoliyati taqdimotini o‘tkazib, viloyatda qurilish yo‘nalishida hamkorlik qilish istagini bildirishdi.

Shuningdek, uchrashuvda investorlar hududlarning master rejalarini ishlab chiqish, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi rejalari haqida so‘z yuritishdi. Bu yo‘nalishda mamlakatimizdagi konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimot qilindi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugungi kunda Farg‘onada ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilayotgani, yangi massivlar va zamonaviy shaharchalar barpo etilayotganini qayd etdi. Bu jarayonda ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llash muhimligi aytib o‘tildi. Yakunda investorlarning takliflari qo‘llab-quvvatlanib, loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling