Farg‘onada turizm qishloqlari uchun marketing va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan seminar-trening
Farg‘onada turizm qishloqlari uchun marketing va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan seminar-trening
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11–13-fevral kunlari Farg‘ona viloyati Rishton tumanida Turizm qo‘mitasi hamda JICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda “Turizm qishloqlari uchun marketing va xizmatlar sifatini oshirish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur tadbir Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan hamda kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilgan turizm qishloqlari vakillari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda hududlarning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va zamonaviy marketing yondashuvlarini amaliyotga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimligi hamda JICA xalqaro hamkorlik agentligi ekspertlari ishtirokida, turizm qishloqlari loyihasi hududlarda aholi bandligini ta’minlash, mahalliy hunarmandchilik va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, shuningdek, ichki va tashqi turizm oqimini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan bunday amaliy o‘quv dasturlari viloyat turizmini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Seminar doirasida JICA eksperti Asami Kinoshita tomonidan ishtirokchilarga turizm qishloqlarini brendlash, ichki va tashqi bozorlar uchun samarali targ‘ibot strategiyalarini ishlab chiqish, mehmonlar bilan ishlash madaniyatini takomillashtirish, xizmatlar sifati va barqaror turizm tamoyillarini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajribalar taqdim etilmoqda.
Trening davomida turizm marketingi bo‘yicha amaliy yondashuvlar, OVOP (“One Village One Product” — “Bir qishloq — bir mahsulot”) konsepsiyasi asosida suvenir mahsulotlarini ishlab chiqish, shuningdek KAIZEN tamoyillari asosida xizmat va operatsion faoliyatni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’ruzalardan tashqari, ishtirokchilar guruhlar shaklida ishlash orqali o‘z qishloqlari uchun suvenir g‘oyalari, tajribaviy turizm mahsulotlari, hududlararo turistik yo‘nalishlar va amaliy takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqdilar. Uch kun davomida ishtirokchilar faol fikr almashib, tajriba va muammolarni muhokama qildilar. Mazkur trening turizm qishloqlarining mustaqil rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va Farg‘ona vodiysida hududiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.