Farg'onada ERMAK-ALO meva qayta ishlash zavodi ochildi

Farg'onada ERMAK-ALO meva qayta ishlash zavodi ochildi

Farg'onada ERMAK-ALO meva qayta ishlash zavodi ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida joylashgan sanoat zonasida “ERMAK-ALO” MCHJ tomonidan tashkil etilgan mevalarni qayta ishlash loyihasi foydalanishga topshirildi.

Yangi korxonaning ishga tushirilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tadbirkorlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat rahbari yig‘ilganlarni yurtimizda keng nishonlangan Navro‘zi olam bilan samimiy tabriklab, mazkur korxonaning ishga tushirilishi bayramga munosib tuhfa bo‘lganligini, hudud iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qilishligini qayd etdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotgani, buning natijasida ishbilarmonlar zamonaviy texnologiyalar, ilm va innovatsiyalardan foydalangan holda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarayotgani haqida so‘z yuritildi. Mazkur korxonani tashkil etgan, yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi daromadlarini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkor Valijon Salixovning ezgu tashabbuslari e’tirof etildi. Mahsulotlarni brendga aylantirib, nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham o‘z xaridorlariga ega bo‘lgan korxonaning sa’y-harakatlari barcha uchun ibrat bo‘layotganligi bildirildi.

“ERMAK-ALO” MCHJ ilg‘or korxonalardan biri bo‘lib, hududlarda ham istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotgani alohida qayd etildi. 

Qiymati 2 million dollarga teng bo‘lgan mazkur loyiha doirasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki va tashqi bozorlarga yetkazib beriladi.

Shuningdek, yillik ishlab chiqarish hajmini 2 million dollarga yetkazish va mahsulot eksport hajmini oshirish ko‘zda tutilgan.

Korxona asoschisi Valijon Salixov ham so‘z olib, bildirilgan ishonchni oqlashga, ishlab chiqarish hajmi va eksport salohiyatini oshirish borasidagi keng qamrovli ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. 

Tadbir davomida nuroniylar ishtirokida duolar qilinib, ezgu tilaklar bildirildi. Ramziy lenta qirqilib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishildi. 

Ma’lumot o‘rnida, “ERMAK” brendiga 1992-yilda kichik oilaviy korxona sifatida asos solingan. Bugungi kunda kompaniyada qariyb 800 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda. Mahsulotlar dunyoning 12 tadan ziyod mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Shu bilan birga, kompaniyaning Birlashgan Arab Amirliklari va Janubiy Koreyadagi ofislari ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling