Farg‘onada “Energosavdo” muhandisi $10 ming pora talab qilgani uchun ushlandi
Farg‘onada “Energosavdo” muhandisi $10 ming pora talab qilgani uchun ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning “Energosavdo” filiali muhandisi $10 ming miqdorida pora talab qilgani uchun qo‘lga olindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga ko‘ra, muhandis o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, 1962 yilda tug‘ilgan fuqarodan uy va xususiy bog‘da elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik uchun hisoblangan 1,8 mlrd so‘mlik jarimani 210 mln so‘mga kamaytirish evaziga pul talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, muhandis so‘ralgan pul mablag‘idan 9 ming AQSH dollarini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.