Farg‘ona: Xitoyning Aros IT kompaniyasi innovatsiyalar va agrotexnikaga oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda sarmoya kiritmoqda
Farg‘ona: Xitoyning Aros IT kompaniyasi innovatsiyalar va agrotexnikaga oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda sarmoya kiritmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning "Aros Information Technology" kompaniyasi direktori Chjan Zitsinni qabul qildi.
Uchrashuvda mazkur kompaniya tomonidan Farg‘ona davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyiha muhokama qilindi.
Aros - texnologik va innovatsion texnikalar ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, o‘z faoliyati davomida zamonaviy himoya, integratsiya va texnologik yechimlarni yaratish va amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning maqsadi eko-dos, tejamkor va innovatsion texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar, xizmatlarni joriy etishdan iborat.
Muloqotda kompaniya tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy yondashuv, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan holda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy texnikalar, ularning afzalliklari, tejamkorligi haqida taqdimot o‘tkazildi.
Farg‘ona davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligida foydalanish bo‘yicha yangi innovatsion texnikalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Kompaniya direktorining maʼlum qilishicha, innovatsion texnikalar qishloq xo‘jaligida foydalanishda yoqilg‘i sarfini kamaytiradi.
Viloyat rahbari taqdim etilgan loyiha muhim ekanligini qayd etib, uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Eng avvalo zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish muhim maqsadlardan biri ekanini alohida taʼkidladi.
Yakunda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama kelishuv imzolandi.