Farg'ona Xalqaro Koreya Universitetini rivojlantirish va talabalar uchun sharoitlarni yaxshilashni rejalashtirmoqda
Farg'ona Xalqaro Koreya Universitetini rivojlantirish va talabalar uchun sharoitlarni yaxshilashni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahrida faoliyat yuritayotgan Koreya xalqaro universiteti rektori Park Jun Xoni qabul qildi.
Uchrashuvda ushbu oliy ta’lim muassasasi faoliyatini yanada kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish hamda talabalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Rektor Park Jun Xo universitetda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Belgilangan ta’lim dasturlari asosida yoshlarni Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalarida bakalavr va magistratura bosqichlarida tahsil olishlarini ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, universitet hududida talabalar uchun qo‘shimcha ovqatlanish maskanlari va dam olish hududlarini barpo etish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Talabalarning darslardagi ishtirokini sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida nazorat qilishga qaratilgan loyiha ishlab chiqilgani hamda uning istiqboldagi imkoniyatlari taqdimot qilindi.
Viloyat rahbari Koreya xalqaro universiteti faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va kelgusida hamkorlikda olib boriladigan ishlar bo‘yicha kelishib olindi.