Farg‘ona vodiysida yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘rnatish ishlari yakunlanganidan so‘ng qayta ishlay boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 6 sentyabrdan boshlab Farg‘ona vodiysida avtomobil gaz quyish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlum qilinishicha, Farg‘ona vodiysi isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvurining tog‘li hududidan o‘tuvchi qismida qariyb 22 km qo‘shimcha qurilgan gaz quvuri tarmoqqa ulandi va montaj ishlari yakunlandi.
20:00 dan boshlab Andijon, soat 21:00 dan boshlab esa Farg‘ona va Namagan viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) hamda yirik isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berilishi qayta tiklanadi.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, mazkur quvurning ishga tushirilishi vodiy viloyatlari isteʼmolchilarining tabiiy gaz taʼminoti ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Ohangaron — Pungan quvuri orqali gaz yetkazib berish 4 sentyabrda bir yarim sutkaga to‘xtatilgan edi. Cheklovlar davrida “O‘zbekneftgaz” vodiy hududlariga benzin yetkazib berishni ko‘paytirdi: sotuv hajmi 250–300 tonnadan 2 ming tonnagacha, yaʼni yetti barobarga oshgani maʼlum qilindi.