Farg'ona viloyatida Tojikiston bilan chegaradan 11 kg dan ortiq giyohvand moddalarni olib o'tishga urinishning oldi olindi
Farg'ona viloyatida Tojikiston bilan chegaradan 11 kg dan ortiq giyohvand moddalarni olib o'tishga urinishning oldi olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi “Ravot” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda aniqlangan navbatdagi holatda qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Bojxona nazoratining texnik vositalari ko‘magida o‘tkazilgan ko‘rik davomida avtotransport vositasining yoqilg‘i bakiga shubhali jismlar yashirilganligi aniqlandi.
Shundan so‘ng belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ushbu bak ochib ko‘rilganida, uning ichiga 6945 dona “Royal” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 3 turdagi giyohvandlik vositalari yashirilganligi fosh bo‘ldi.
Jumladan, 10 kg 739 gr “gashish”, 412 gr “marixuana” va 35 gr “opiy” - jami 11 kg 186 grammga teng giyohvandlik vositalari huquqbuzardan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Surishtiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, haydovchi tojikistonlik shaxsning buyurtmasiga binoan 2 ming AQSH dollari evaziga mazkur giyohvandlik vositalarini bojxona chegaralaridan olib o‘tishi va o‘z uyidagi boqqa ko‘mib qo‘yishi, keyinchalik tojikistonlik shaxsning o‘zi ushbu narkotik moddalarni olib ketishi rejalashtirilgan edi.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Respublikamiz bojxonachilari 2025-yil davomida 1,8 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, shu jumladan sintetik narkotik moddalarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishdi. Bu 2024-yilga nisbatan 1,8 barobarga ko‘pdir.