Farg‘ona viloyatida ikki aka-uka suvga cho‘kib halok bo‘ldi
Farg‘ona viloyatida ikki aka-uka suvga cho‘kib halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida 19 mart kuni taxminan soat 20:05 da “Buloqboshi” mahallasida fojiali hodisa yuz berdi: ikki aka-uka suvga cho‘kib halok bo‘ldi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, olti yoshli S. Z. suv taqsimlash rezervuari yonida o‘ynab yurgan vaqtida o‘yinchog‘ini tushirib yuborgan va uni olishga harakat qilib suvga tushib ketgan.
Uning sakkiz yoshli akasi kichik ukasini qutqarish uchun ortidan suvga sakragan, ammo oqimga qarshi tura olmagan. Ikki bola ham suvdan chiqolmay, voqea joyida halok bo‘lgan. Keyinchalik ularning jasadlarini kanal hududida otasi topgan.
Sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, o‘lim sababi nafas yo‘llariga suv kirishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya bo‘lgan.
Hozirda Beshariq tuman prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha dastlabki tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.