Farg‘ona viloyati Xitoylik Fareo kompaniyasi bilan liftlar ishlab chiqarishni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Guandun provinsiyasida joylashgan “Fareo Elevator (Guangdong) Co., Ltd.” kompaniyasi vakili Maymaytitursun Yiminni qabul qildi.
Foshan shahrida faoliyat yuritayotgan mazkur kompaniya barcha turdagi liftlarni tadqiq etish, ishlab chiqarish, o‘rnatish, texnik xizmat ko‘rsatish, yangilash va modernizatsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Korxona mahsulotlari yuqori sifatli, xavfsiz hamda kafolatli bo‘lib, jahonning ko‘plab mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Uchrashuvda kompaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Farg‘ona viloyatida lift ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil aprel oyida Xitoyga qilgan amaliy tashrifida Guandun provinsiyasi bilan hamkorlikni mustahkamlashga kelishilgandi.
Tuyergong Tuyerxun Farg‘ona viloyati hokimining Xitoy Xalq Respublikasi Guandun provinsiyasidan investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha biznes vakili etib tayinlandi. Uchrashuv chog‘ida unga maxsus guvohnoma topshirilib, kelgusi hamkorlik istiqbollari kelishib olindi.