Farg'ona viloyati Xitoy turizm investitsiyalarini jalb qilmoqda
Farg'ona viloyati Xitoy turizm investitsiyalarini jalb qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “Beijing Top Vision” kompaniyasi vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda, shuningdek, viloyatimizda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan “Hunan Zhongwei Group Co., Ltd.” kompaniyasi direktori Chen Minbo ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida viloyatimizda hamkorlikda yangi turizm loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xitoylik investorlar Shohimardon qishlog‘ida yirik turistik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdilar.
Viloyat hokimi Shohimardonning o‘ziga xos turistik salohiyatiga to‘xtalib, investorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini, loyihalar aniq va puxta ishlangan rejalar asosida amalga oshirilishi zarurligini taʼkidladi.
Uchrashuvda loyihani yana-da takomillashtirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, hududda yilning to‘rt faslida ham dam olish imkoniyatlarini yaratish yuzasidan takliflar bildirildi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish va loyihani amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar kelishib olindi.