Farg‘ona viloyati va Seul shahrining Gangso tumani o‘rtasida hamkorlik haqidagi kelishuv imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Seul fan va texnologiyalar milliy universiteti rektori Kim Dong Xvan bilan uchrashdi.
Farg‘ona viloyati va Janubiy Koreyaning yirik shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari barcha sohalarni qamrab olayotganligi va munosabatlar yangi bosqichga o‘tilayotganligi taʼkidlandi. Ikki hudud o‘rtasida taʼlim yo‘nalishida ham ijobiy tendensiyalar shakllanayotganligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Koreyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik muhim o‘rin tutishini taʼkidlagan viloyat hokimi, bugungi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda salohiyatli kadrlarga bo‘lgan talab oshib borayotganligi, bu jarayonda zamonaviy taʼlimni yo‘lga qo‘yish o‘z samarasini berayotganligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Universitet rektori Kim Dong Xvan oliygoh tashkil etilganligiga 115 yil to‘lgani, hozirda mazkur taʼlim dargohi Koreyada eng salohiyatli kadrlarni tayyorlashda yetakchi o‘rinlarda ekanligini maʼlum qildi.
Oliygohda 14000 talaba taʼlim olayotganligi ularning ikki ming nafarga yaqini boshqa davlatlardan kelib o‘qiyotganligi, O‘zbekistondan kelib o‘qiyotgan talabalar potensialiga eʼtibor oshgani, o‘qishni tamomlab, Koreyadagi nufuzli kompaniyalarda ishga joylashayotganligi, bugungi uchrashuvda ham shu kabi o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etayotganligi taʼkidlandi.
Viloyat hokimi mazkur oliygoh bilan sunʼiy intellekt, AyTi, aniq fanlar yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ikki dargoh uchun manfaatli bo‘lishini qayd etdi.
Uchrauvda Farg‘onadan talabalrni yuborish, tajriba almashinuvini boshlash va kelgusida qo‘shma taʼlim dasturlari asosida hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha kelishib olindi.
Farg‘ona viloyati hokimligi va Seul fan va texnologiyalar milliy universiteti o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik bitimi imzolandi. Shuningdek, Farg‘ona davlat texnika universiteti hamda Seul fan va texnologiyalar milliy universiteti o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi ham imzolandi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov, Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori O‘ktam Salomov ham ishtirok etdi.