Farg‘ona viloyati va POMA S.A.S. turistik kanat yo‘llarini rivojlantirmoqda

Farg‘ona viloyati va POMA S.A.S. turistik kanat yo‘llarini rivojlantirmoqda

Farg‘ona viloyati va POMA S.A.S. turistik kanat yo‘llarini rivojlantirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Fransiyaning “POMA S.A.S.” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha menejeri Anton Chudayev bilan uchrashdi.

Muloqotda turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar muhokama qilinib, kelgusidagi chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan, kompaniya tomonidan Shohimardon, Yordon hamda Dang‘ara tumanlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan osma dor yo‘llarini barpo etish loyihasi taqdimot qilindi. Mazkur loyiha avvalgi uchrashuvda bildirilgan takliflar asosida yana-da takomillashtirildi.

Suhbat davomida zamonaviy turizm maskanlarini yaratishda Fransiya kompaniyasining boy tajribasidan foydalanish muhimligi qayd etildi. 

Turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, bu yo‘nalishdagi ishlarni sifatli bajarish, ayniqsa, osma dor yo‘llaridan foydalanuvchilar xavfsizligini mukammal taʼminlash chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, hududlarning mavjud salohiyatidan kelib chiqqan holda turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, ularni yirik turizm markazlariga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangani, bunda infratuzilma muhim o‘rin tutishligi qayd etildi.

 Uchrashuv yakunida ushbu jarayonlarni izchil davom ettirish hamda loyihalarni hayotga tatbiq etish bosqichlari kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling