Farg‘ona viloyati va Germaniya tibbiyot kompaniyalari qo‘shma loyihalarning amaliy ijrosini muhokama qildi
Farg‘ona viloyati va Germaniya tibbiyot kompaniyalari qo‘shma loyihalarning amaliy ijrosini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning "MedCare24 GmbH" kompaniyasi bosh direktori Yevgeniy Polyanovskiy, "Germany Medical Institute" taʼsischisi Olga Engelmann va Frayburg universitet klinikasi ilmiy guruh rahbari Irina Nazarenkoni qabul qildi. Uchrashuvda "Sentral Asian Medical university" xalqaro tibbiyot universiteti rektori Nurillo Mamasodiqov ham ishtirok etdi.
Joriy yil iyul oyida viloyat delegatsiyasining Germaniyaga qilgan amaliy tashrifi doirasida "Central Asian Medical University" xalqaro tibbiyot universiteti hamda Germaniyaning "MetCare24 GmbH" kompaniyasi va "Germany Medical Institute" o‘rtasida umumiy qiymati 5 million yevro bo‘lgan shartnoma imzolangandi.
Mazkur hamkorlik tajriba almashish, shifokor va tibbiyot xodimlarini o‘qitish, bemorlarni ijtimoiy dasturlar asosida davolash hamda xalqaro klinik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim o‘rin tutadi.
Bugungi uchrashuvda ushbu kelishuvlarning amaliy bosqichiga o‘tish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Mehmonlar ikki kun davomida "Central Asian Medical University" xalqaro tibbiyot universiteti va uning klinikalarida bo‘lib, faoliyati bilan yaqindan tanishib, aholi uchun zamonaviy va sifatli tibbiy xizmatlar ko‘lamini yuqori baholashdi.
Farg‘ona viloyatida tibbiyot sohasini yana-da rivojlantirish, universitet bitiruvchilarini nemis tilini bilgan holda Germaniyada malaka oshirish va ish bilan taʼminlash, loyiha doirasida ilmiy laboratoriya ham tashkil etish va yana ko‘plab yo‘nalishlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha fikr almashildi.
Viloyat hokimi bu kabi istiqbolli loyihalar viloyatimiz tibbiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib, doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qildi. Mazkur loyihalarni tezlashtirish zarurligini taʼkidladi.
Kelishuvlarni amaliy bosqichga o‘tkazish yuzasidan hamkorlik chora-tadbirlari belgilab olindi.