Farg‘ona viloyati va BOMI Engineering & Construction qurilish sohasida hamkorlikni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov qurilish-muhandislik sohasida katta tajribaga ega “BOMI Engineering & Construction” kompaniyasi boshqaruv raisi Kim Dok Yong bilan uchrashdi.
Unda mazkur kompaniya tomonidan viloyatimizda qurilish sohasidagi yirik loyihalarda ishtirok etish, investitsiya kiritish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Farg‘ona viloyati potensiali haqida, viloyatda jadal surʼatlarda olib borilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari bo‘yicha maʼlumot berdi.
Investorga mehmonxonalar, golf maydonlarini qurish taklifi bildirildi.
Kim Dok Yong O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun ishonchli davlatga aylanganini qayd etib, yurtimizda kompaniya tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtaldi. Farg‘onada ham Koreya uslubida yirik komplekslarni qurish bo‘yicha rejalarini aytib o‘tdi.
Kompaniyaning masʼul xodimlari viloyatga kelib o‘rganishlar olib borishi va yangi loyihalar ustida ishlashga, qurilish bo‘yicha yirik sanoat yaratishga kelishib olindi.