Farg‘ona viloyati hokimi xitoylik investorlar bilan hududda yirik loyihalarni muhokama qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi viloyatimizga investitsiya kiritishga qiziqish bildirayotgan bir guruh xitoylik investorlar va ularning mahalliy hamkorlarini qabul qildi
“Jiangsu Lifan Machinery Co.,Ltd” kompaniyasi rahbari Yan Deven bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida strategik hamkorlik izchil rivojlanib, davlat rahbarlarining tashrif va uchrashuvlari natijasida barcha darajada aloqalar mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, viloyatimizda ham xitoylik hamkorlar bilan qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda quyosh panellari, “aqlli” hisoblagichlar, qurilish materiallari, suvni tozalash tizimlari va nasoslarni yangilash kabi loyihalar muhokama qilindi.
Ushbu tashabbuslarni viloyatimizda qisqa muddatlarda amalga oshirish bilan bir qatorda ishonchli va belgilangan talablarga javob beradigan zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligi qayd etildi.
“Xinjiang Xingchuan New Energy Co.,Ltd” kompaniyasi vakillari bilan muloqotda Beshariq tumanida shamol elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Tijoriy takliflar ishlab chiqilib, loyihani kelgusi jarayonlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishildi.
Viloyat rahbari investorlar tomonidan bildirilgan har bir taklif va tashabbuslarni yuqori baholab, loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi va hamkorlik chora-tadbirlari kelishib olindi.