Farg‘ona viloyati hokimi Xitoy investorlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Shandun provinsiyasi Jyansi savdo palatasi asoschisi, “Shandong Sanlixing Holding Group” kompaniyasi raisi Fan Youjin boshchiligidagi yirik delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat rahbari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatga, tenglik va ochiqlikka asoslangan hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani va ikki davlat rahbarlari darajasida doimiy muloqot va samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, bu esa aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilayotganligini taʼkidladi.
Xitoy yurtimizga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan mamlakatlardan biri ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida ham ko‘plab yo‘nalishlarda samarali hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgani, birgalikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritildi.
Farg‘ona viloyatining investitsion salohiyati, joylarda tashkil etilayotgan sanoat zonalari, texnoparklar, investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Fan Youjin O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi ishonchli hamkorlik xitoylik ishbilarmonlarni ham biznes yuritishga, investitsiya loyihalarni amalga oshirishga undayotganligini qayd etdi. 200 mingdan ortiq tadbirkorlarni birlashtirgan savdo palatasi Farg‘ona viloyatida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini, nufuzli kompaniyalar va tadbirkorlar investitsiya kiritishga qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.
Viloyat rahbari har bir yo‘nalishda xitoylik investorlar tomonidan bildirilgan takliflarni, zamonaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Uchrashuvda investitsiyalar oqimini va ko‘lamini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelgusidagi chora-tadbirlar kelishib olindi.
Viloyatimizda xorijiy kapital ishtirokida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar soni 833 taga yetdi. Mazkur korxonalardan 251 tasi Xitoy kapitali ishtirokida faoliyat olib bormoqda.