Farg‘ona viloyati hokimi koreyalik investorlar bilan elektron doskalar va quvvatlagich uskunalar ishlab chiqarish loyihasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Janubiy Koreyaning “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Doni qabul qildi.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan Farg‘ona shahridagi Ekoshahar hududida amalga oshirilayotgan zamonaviy elektron doskalar va elektr transport vositalari uchun zaryadlovchi qurilmalar ishlab chiqarish bo‘yicha pilot loyihaning borishi hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu kompaniya viloyatimizdagi loyihaga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda. Yangi korxonada ichki bozor va eksport uchun interaktiv elektron doskalar (IFPD), elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar, tibbiy jihozlar va boshqa turdagi mahsulotlar mahalliy tarzda ishlab chiqariladi. Korxona kelgusi yildan faoliyat boshlashi rejalashtirilgan bo‘lib, to‘la quvvatda ishga tushgach 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash kurslari ham tashkil etiladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida televizorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda koreyalik investorlarning Farg‘ona viloyatiga bo‘lgan qiziqishlari ham alohida qayd etildi.
Viloyat delegatsiyasining oktyabr oyida Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida biznes-forum tashkil etish, taʼlim, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt va boshqa yo‘nalishlarda yangi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xorijiy investorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, “AHA Co., Ltd” kompaniyasi loyihasini amalga oshirishda barcha zarur yordam ko‘rsatilishini taʼkidladi.
Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilanib, amaliy chora-tadbirlar kelishib olindi.