Farg‘ona viloyati hokimi AQSHlik tadbirkor bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan hamyurtimiz Nodirjon Mardonovni qabul qildi.
Buvayda tumanida tavallud topgan Nodirjon Mardonov 27 yildan buyon Amerikada yashab, ko‘p yillar bank sohasida faoliyat olib bordi. Keyinchalik o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Qator kompaniyalar bilan ishladi. Hozirda “Tash Vegas” hamda “New York invest group” MCHJ xorijiy korxonalari asoschisi va direktori.
Viloyat hokimi bilan muloqotda tadbirkor faoliyati bilan birga erishgan yutuqlari haqida aytib berdi. Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalari bo‘yicha ham tanishtirdi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatiga amerikalik investorlarni jalb etish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda ham o‘z hissasini qo‘shish istagida ekanligini maʼlum qildi.
Muloqotda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va xorijiy biznes doiralari bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha qator takliflar ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi bildirilgan tashabbus va takliflarni yuqori baholadi, O‘zbekiston uchun sarmoya, investitsiya kiritishga o‘z hissasini qo‘shayotgan tadbirkorni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etib, aloqalarini rivojlantirish, birgalikda ishlashdan umidvor ekanligini taʼkidladi.