Farg'ona viloyati delegatsiyasi yetakchi Malayziya kompaniyalari bilan meva va quritilgan mevalarni yetkazib berish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda
Farg'ona viloyati delegatsiyasi yetakchi Malayziya kompaniyalari bilan meva va quritilgan mevalarni yetkazib berish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati delegatsiyasi ayni paytda Malayziyada amaliy tashrif bilan bo‘lib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Yuldashev boshchiligidagi delegatsiyaning meva-sabzavot mahsulotlarini import qilish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi yirik korxonalar bilan muloqotlari samarali kechdi. Ushbu korxonalar yirik tadbirkorlar bo‘lib, o‘z mahsulotlarini Malayziyadagi yirik tarmoqli do‘konlar orqali iste’molchilarga yetkazib beradi.
“Hoi Yong Fruits” korxonasi savdo tarmoqlarining yirik meva-sabzavot yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Korxona turli davlatlardan yuqori sifatli mahsulotlarni import qiladi.
Uchrashuv davomida korxona vakillari O‘zbekiston mahsulotlariga, ayniqsa, o‘zbek anoriga katta qiziqish bildirdilar. Ta’kidlanishicha, Malayziya bozorida anorga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘lib, mazkur mahsulotni import qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
“Al Hijrah Global Sdn Bhd” korxonasi mamlakatdagi eng yirik xurmo distribyutorlaridan biri bo‘lib, shuningdek, quruq meva mahsulotlarini ham tarqatish va sotish bilan shug‘ullanadi.
Korxona rahbariyati bilan samarali uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar natijasida tomonlar turli xil quruq meva mahsulotlari, jumladan, uzum, quritilgan o‘rik va olcha, shuningdek anor, gilos kabi meva mahsulotlari bo‘yicha yetkazib berish shartnomalariga erishdilar.