Farg‘ona viloyati CMIE kompaniyasi bilan quvvati 2–5 GVt bo‘lgan shamol energetikasi loyihasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev Xitoyning “China Machinery International Engineering Design & Research Institute Co., Ltd.” (CMIE) kompaniyasi boshqaruv raisi Vang Shirongni qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida 2-5 GVt quvvatli shamol energiyasi loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, Farg‘onada ham xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida qator loyihalar yo‘lga qo‘yilayotgani, xorijiy investorlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar tufayli yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari kengayib borayotgani taʼkidlandi.
Muloqotda Xitoy kompaniyasi faoliyati haqida ham maʼlumot berildi.
Uchrashuvda kompaniya boy tajribasi asosida Farg‘onada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan shamol energiyasi loyihasi atroflicha muhokama qilinib, uni amalga oshirishdagi hamkorlik chora-tadbirlari kelishib olindi.