Farg‘ona va Gomel o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Farg‘ona va Gomel o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugun Farg‘ona tumanidagi “Qabullar uyi”da viloyatiga amaliy tashrif bilan kelgan Belarus Respublikasining Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona va Gomel viloyatlari o‘rtasida hududlararo amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda viloyat hokimi Хayrullo Bozorov keyingi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Mazkur ijobiy dinamika hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.
Muzokaralar davomida Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish, tadbirkorlar kengashini shakllantirish, savdo-iqtisodiy missiyalar, biznes-forumlar va ko‘rgazmalar, shuningdek, xalqaro festivallar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Eksport imkoniyatlari haqida so‘z bordi.
Shu bilan birga, Buvayda tumanida Belarus kompaniyalari ishtirokida “mebel klasteri”ni tashkil etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan, chorvachilik va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ta’lim va yoshlar siyosati sohalarida talabalar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish, IT sohasini rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Turizm yo‘nalishida esa axborot almashinuvini kuchaytirish orqali ikki hududning salohiyatini keng targ‘ib qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatining investitsion salohiyati, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalardagi imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Hududlararo kelishuvlar ijrosi onlayn muloqotlar orqali muntazam nazorat qilib borilishi va har chorak yakuni bo‘yicha erishilgan natijalar sarhisob qilinishi aytildi. Bu esa savdo hajmini oshirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va yangi investitsiya imkoniyatlaridan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muloqotda Gomel viloyati Ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanib borishiga yana bir bor ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Farg‘ona va Gomel viloyatlari o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi—"yo‘l xaritasi"ni hamda Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvini imzoladilar.