Farg‘ona va Botken savdo-iqtisodiy hamda madaniy aloqalarni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Tinchlik forumida ishtirok etayotgan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili Oybek Shamenov bilan uchrashdi.
Unda Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonqul Chotonov ham ishtirok etdi. Muloqotda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlar izchil rivojlanayotgani, chegara bilan bog‘liq barcha masalalar o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida hal etilgani taʼkidlab o‘tildi.
Xayrullo Bozorov chegaradosh hududlarda tinchlik va barqarorlik qaror topganini qayd etar ekan, viloyatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritdi. Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi chora-tadbirlar va vazifalar alohida qayd etildi.
O‘z navbatida Oybek Shamenov ham Qirg‘izistonda ham shunday ezgu tashabbuslar hayotga tatbiq etilayotgani, bu kabi yutuqlar va yangilanishlar tinchlik va osoyishtalik muhiti tufayli amalga oshayotgani to‘g‘risida to‘htalib o‘tdi. Farg‘ona tinchlik forumining o‘tkazilayotgani ham xalqaro munosabatlarni yana-da mustahkamlashiga, do‘stlik, hamjihatlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda hududlararo savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlikni yana-da kengaytirish chora-tadbirlari kelishib olindi.
Maʼlumot o‘rnida, viloyatimizda 50 ta Qirg‘iziston kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyat olib bormoqda.