Farg‘ona, So‘g‘d va O‘sh viloyatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik yana-da mustahkamlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona, So‘g‘d va O‘sh viloyatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik yana-da mustahkamlanmoqda Uchko‘prik tumanida “Farg‘ona – biznes va investitsiyalar markazi” mavzusida xalqaro forum tashkil etildi. Unda Tojikiston, Qirg‘iziston, shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardan 200 dan ziyod ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, xalqaro forumda Savdo-sanoat palatasi hamda tijorat banklari rahbarlari, viloyatimizdagi shahar-tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham qatnashdi. Joriy yilning 31 mart kuni Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda amaliy hamkorlik bo‘yicha muhim ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan edi. Mazkur biznes forum chegaradosh hududlarning hamkorligini yana-da rivojlantirish va mustahamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Forumda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov, So‘g‘d viloyati raisi o‘rinbosari Zufar Ismoilzoda hamda O‘sh viloyati bo‘yicha muxtor vakilning o‘rinbosari Iliyaz Tashbayev bunday amaliy tadbirlar uch davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Forum O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati, Tojikistonning So‘g‘d viloyati hamda Qirg‘izistonning O‘sh viloyati hamkorligida o‘tkazildi.
Ishtirokchilarga Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyati, mintaqaning investitsiya va eksport imkoniyatlari, shu jumladan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari haqida batafsil maʼlumotlar berilib, maxsus videorolik ham namoyish qilindi. Uchko‘prik tumanida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. “Boboshbek” majmuasi haqida taqdimotlar o‘tkazildi, transport, logistika, savdo do‘konlari, tikuv-trikotaj sexlari faoliyati bilan tanishildi.
Bundan tashqari, tadbir qatnashchilari “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan ishlab chiqarish va sanoat korxonalarida bo‘lishib, investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, soliq hamda bojxona to‘lovlaridagi imtiyozlar, amalga oshirilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalari bilan tanishishdi. Ularga korxonalarda yaratilgan ish o‘rinlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi, sifati, narx-navosi, shuningdek, savdo hamda eksport jarayonlari haqida maʼlumot berildi.
Yirik iqtisodiy forumda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, eksport hajmlarini oshirish, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda B2B muloqotlar o‘tkazilib, savdo va ishlab chiqarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi, 30 dan ortiq hamkorlik shartnomalari tuzildi.
Forumda Farg‘ona va O‘sh viloyati hamda Uchko‘prik tumani va So‘g‘d viloyati o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Yakunda bunday formatdagi tadbirlarni Farg‘ona, So‘g‘d va O‘sh viloyatlarida har yili anʼanaviy ravishda o‘tkazishga kelishib olindi.