Farg‘ona shahrida Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Kelasi hafta Farg‘ona bir necha kun mobaynida xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga aylanadi. Bu yerda 15-16 oktyabr kunlari "Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo‘lida birdamlik" mavzusida Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Progressiv islohotlar markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti hamda tinchlik va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro tuzilmalarni birlashtiruvchi platforma - Tinchlikni barpo etish xabi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Tadbir, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Tojikiston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini o‘rganish instituti bilan hamkorlikda BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Ikki kun davom etadigan anjumanda Markaziy Osiyo, MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashadi.
Faxriy mehmonlar qatorida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays, YeXHT Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon, OHICHK bosh kotibi Qayrat Saribay, SHHT bosh kotibi o‘rinbosari Xan Soxayl, BMTning Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi doimiy koordinatorlari bor.
Bo‘lajak yig‘ilishning asosiy o‘ziga xos jihati uning inklyuziv xarakterida namoyon bo‘ladi. Unda fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va ayollar tashkilotlari, shuningdek ekspert hamda akademik doiralar vakillari faol ishtirok etadilar.
Shuningdek, tinchlik o‘rnatish sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan, Germaniyaning Bergxof jamg‘armasi, Martti Axtisaari nomidagi Finlyandiya tinchlik jamg‘armasi, Shveysariyaning PeaceNexus jamg‘armasi, Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (Shvetsiya) ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Forumning asosiy maqsadi muloqot, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va Farg‘ona vodiysini rivojlantirishning umumiy strategiyasini ishlab chiqish uchun doimiy faoliyat yurituvchi platformani yaratishdan iborat.
Tadbir kun tartibidan Farg‘ona vodiysining barqarorligi va izchil rivojlanishini ta’minlash, uning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, xususiy sektor, yoshlar va fuqarolik jamiyatining rolini kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Farg‘ona tinchlik forumi shafeligida qirg‘izistonlik hamkorlar va Tinchlikni barpo etish xabi ko‘magida ilk bor "Intimak kuni" (Birdamlik kuni) tashkil etiladi.
Forumdan kutilayotgan natijalar qatorida Farg‘ona vodiysini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va barqaror rivojlanishning yagona makoni sifatida shakllantirishga da’vat etuvchi Kommyunike qabul qilinishi ham nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida “Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizolar, mojarolar davri o‘tmishda qoldi. Keyingi yillarda mintaqamizda o‘zaro tovar ayirboshlash, sarmoya va transport hajmi 5 barobar oshdi. Mamlakatimizda qo‘shma investitsiya fondlari, chegara savdosi va sanoat kooperatsiyasi, yirik loyihalar amalga oshirilmoqda”, deya ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, "bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. O‘zining jipsligi, barqarorligi va o‘sib borayotgan mintaqaviy o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida mustaqil subyekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda".
“Farg‘ona vodiysida tinchlik O‘zbekiston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi, shuningdek, mavjud tafovutlarni o‘zaro hamkorlik va kuch manbaiga aylantira olgan mahalliy hamjamiyatlarning fidokorona sa’y-harakatlari natijasida ta’minlandi,” –deya ta’kidladi SMTI direktori Eldor Aripov, bo‘lajak tadbirga izoh berar ekan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Farg‘ona forumi Farg‘ona vodiysini tinchlik, totuvlik va keng imkoniyatlar makoni sifatida yangi qiyofada namoyon etishga qaratilgan bo‘lib, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi hamda xalqlar o‘rtasidagi birdamlik mintaqaning barqarorligi va farovonligini ta’minlashga qodir ekanini ko‘rsatadi”.