Farg‘ona qattiq maishiy chiqindilardan energiya ishlab chiqarish korxonasi qurmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi doirasida barpo etilayotgan korxona qurilishiga start berildi.
Mazkur tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Nuriddin Mamajonov, Hakimjon Dolimov, xitoylik investorlar, masʼul mutasaddilar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2025 yil 24 martdagi “Namangan va Farg‘ona viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Farg‘ona viloyatida 141,5 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etgan holda kuniga 1,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 227,5 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalarni ishga tushish vazifasi belgilangan.
Bugun Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida Xitoy Xalq Respublikasining “China Everbright International Ltd.” kompaniyasi tomonidan qiymati qariyb 150 million dollar bo‘lgan qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihasiga start berildi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, chiqindilarni samarali boshqarish va qayta ishlash tizimini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish bo‘yicha bir qator samarali loyihalar amalga oshirilayotganligini qayd etdi.
Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha ham viloyatning iqtisodiy salohiyatini yana-da oshishiga hamda elektr energiya taʼminotini yana-da yaxshilanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
“China Everbright International Ltd.” kompaniyasi direktori Vey Jun Bo ham so‘z olib, samarali hamkorlik va ishonch tufayli bu kabi loyihalar amalga oshirishga kirishilganini maʼlum qildi. Viloyatning atrof muhitini yaxshilash, ijtimoiy—iqtisodiy rivojlantirishiga hissa qo‘shishdan mamnun ekanligini taʼkidladi.
Korxona yiliga 547 ming tonna (kuniga 1,5 ming tonna) maishiy chiqindilarni ekologik jihatdan xavfsiz termik usulda qayta ishlab, 227,5 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Ushbu korxonaning ishga tushishi chiqindilarni poligonlarda yig‘ilishini keskin kamaytirish, ekologik holatni yaxshilash va energetika sohasida barqarorlikka erishish imkonini beradi.
Shuningdek, korxonada 400 nafarga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi hamda mahalliy mutaxassislar zamonaviy texnologiyalar asosida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Nuroniylar ishtirokida duolar qilinib, yangi korxonaga tamal toshi qo‘yildi.