Farg‘ona hokimi koreyalik AHA kompaniyasi bilan sanoat loyihasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi
Farg‘ona hokimi koreyalik AHA kompaniyasi bilan sanoat loyihasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Janubiy Koreyaning “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan Farg‘ona shahridagi Ekoshahar hududida amalga oshirishga kirishilayotgan investitsion loyiha bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Mazkur kompaniya viloyatimizdagi loyihaga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda. Yangi korxonada ichki bozor va eksport uchun interaktiv elektron doskalar (IFPD), elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar, tibbiy jihozlar va boshqa turdagi mahsulotlar mahalliy tarzda ishlab chiqariladi. Korxona kelgusi yildan faoliyat boshlashi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda kompaniya rahbari korxonani qurilishiga kirishilayotganligi, smeta loyihalari bo‘yicha mahalliy hamkorlar bilan ishlar olib borilayotganligi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, shourum va ko‘rgazmalar uchun Koreyadan mahsulotlar keltirilganligi bildirildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xorijiy investorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, “AHA Co., Ltd” kompaniyasi loyihasini amalga oshirishda barcha zarur yordam ko‘rsatilishini taʼkidladi.
Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilanib, amaliy chora-tadbirlar kelishib olindi.