Farg‘ona gilos eksportini yo‘lga qo‘ydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi bog‘larda gilos pishib, eksportga tayyorlash ishlari qizg‘in davom etmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi ma’lum qildi.
Gilosning erta pishar turlariga nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy davlatlarda ham talab katta. Shu bois, viloyatda gilos eksportiga alohida e’tibor qaratilib, gilos zamonaviy qadoqlanmoqda.
2024-yilda Farg‘ona viloyatidan 15 ming tonna gilos eksport qilingan. Asosan, Rossiya, Xitoy, Koreya, Litva, BAA, Polsha, Ukraina, Belgiya, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istonga eksport amalga oshirilgan.
Eksport jarayonlarida viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari tomonidan bog‘bonlarga va eksportyorlarga yaqindan ko‘mak va zarur maslahatlar berib borilmoqda.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga chegara postlarida ham qulayliklar yaratilib, eksport jarayonlari tez va oson bo‘lishi ta’minlanmoqda.