Farg‘ona davlat universitetiga aqlli dehqonchilik uchun ikkita zamonaviy issiqxona topshirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona, 2025-yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi Hukumatining ko‘magida amalga oshirilayotgan “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi doirasida Farg‘ona davlat universitetiga ikki zamonaviy issiqxona tantanali ravishda topshirildi.
100 m² maydonga ega ko‘chat yetishtirish issiqxonasi hamda 284 m² maydonga ega namoyish issiqxonasi sug‘orish, sovitish va isitish tizimlari, hasharotlarga qarshi to‘rlar, zamonaviy soya va issiqlik pardalari bilan jihozlangan. Ular talaba va tadqiqotchilarga barqaror sabzavotchilik amaliyotlarini o‘rganish va namoyish qilish uchun muhim tajriba maydoniga aylanadi.
Tadbirda FAOning Rimdagi bosh qarorgohi vakillari, Farg‘ona viloyati hokimiyati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi rahbariyati, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan kelgan loyiha benefisiarlari ishtirok etdilar. Dastur doirasida ochilish nutqlari, ramziy lenta kesish marosimi, issiqxonalarni ko‘zdan kechirish bo‘yicha ekskursiya va talabalarga FAOning barqaror sabzavotchilik bo‘yicha texnik qo‘llanmalari taqdimoti tashkil etildi.
“Bu issiqxonalar haqiqiy laboratoriyaga aylandi – tadqiqotchilarimiz va talabalarimiz uchun tajribalar o‘tkazish, innovatsiyalarni joriy etish va O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini oshirishning asosiga aylandi,” dedi Farg‘ona davlat universiteti Mevachilik va uzumchilik kafedrasi mudiri Qahramon Davronov. “Shuni unutmaslik kerakki, jahon meva-sabzavotchiligi sohasidagi ko‘plab yirik ilmiy kashfiyotlar aynan issiqxona sharoitida amalga oshirilgan. Ushbu issiqxonalar yordamida bizning universitetimiz ham keng imkoniyatlarga ega bo‘ldi.”
Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan tashrif buyurgan kichik dehqonlar ham tadbirda qatnashdi. Bu esa loyihaning nafaqat ilm-fan uchun, balki qishloq xo‘jaligi hamjamiyatlari uchun ham ahamiyatini ko‘rsatdi. Namoyish issiqxonalari ilmiy tadqiqotlar uchun maydon bo‘lishi bilan birga, ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tkazilgan innovatsiyalarni kichik dehqonlarga yetkazishda ham muhim markazga aylanadi. Bu hamkorlik amaliy dehqonchilikni kuchaytiradi, hosildorlikni oshiradi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Bugun biz bu yerda uch avlodning birlashganiga guvoh bo‘lyapmiz – butun umri davomida sabzavot yetishtirgan kichik dehqonlar, meva-sabzavotchilik bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan professor-o‘qituvchilar va kelajakdagi fermerlar, tadqiqotchilar hamda amaliyotchilar bo‘lmish yosh talabalar,” dedi FAOning dastur koordinatori Gvido Santini. “Namoyish issiqxonalari ushbu uch avlodni birlashtirib, O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi va yorqin kelajagi sari xizmat qilmoqda.”
Ushbu issiqxonalarning barpo etilishi O‘zbekistonda issiqxona sharoitida sabzavotchilikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Shu bilan birga, ushbu issiqxonalar ilmiy-tadqiqot, innovatsiya va ta’limning zamonaviy poydevorini yaratdi. Zamonaviy texnologiyalar va ilmiy salohiyatni uyg‘unlashtirgan ushbu loyiha yangi avlod talabalarini barqaror va iqlimga mos oziq-ovqat tizimini rivojlantirishga tayyorlamoqda. Ularning ishtiyoqi va intilishi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning yosh mutaxassislari aqlli dehqonchilik va oziq-ovqat xavfsizligida yetakchilik qilishga intilmoqda.