Farg‘ona aeroportida perronni ta’mirlash ishlari boshlandi
Farg‘ona aeroportida perronni ta’mirlash ishlari boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "O'zbekiston aeroportlari" matbuot xizmatining xabar berishicha, Farg'ona xalqaro aeroportida perronni kapital ta'mirlash ishlari boshlandi.
Loyiha eskirgan asfalt-beton qoplamasini to‘liq almashtirish, mustahkamlash, shuningdek, perronning barcha elementlarini zamonaviy xavfsizlik va foydalanish talablariga muvofiq holatga keltirishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, muhandislik kommunikatsiyalarini, jumladan, suv chiqarish tizimlarini yangilash hamda perron yoritish tizimini energiya tejamkor va zamonaviy uskunalar o‘rnatgan holda modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Mazkur obyektda oxirgi marta rekonstruksiya ishlari 1991-yilda o‘tkazilgan bo‘lib, o‘shandan beri kapital yangilash ishlari bajarilmagan.
Kapital ta’mirlashdan so‘ng samolyotlar turar joyi 9 taga yetadi. Bunga mavjud maydonni qayta konfiguratsiya qilish: chiziqlarni yangilash, havo kemalarining joylashishini optimallashtirish, shuningdek, yoritish machtalarining o‘rnini ko‘chirish hisobiga erishiladi.