Fargʻonada 350 million dollarlik investitsiya bilan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Heyal Holding” kompaniyasi taʼsischisi Vaxdettin Heyal va kompaniya arxitektorlari bilan uchrashdi.
Unda mazkur kompaniya tomonidan viloyatimizning Quva tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ilg‘or tajribalar asosida sanoat zonasini tashkil etish va unga istiqbolli loyihalarni joylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur yirik loyiha uchun 350 mln dollar investitsiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. 15 dan oshiq loyihalar joylashtiriladi. U yerda do‘konlar, shourumlar, konferensiya zallari, mehmonxonalar, savdo markazlari va yana qator yirik inshootlar o‘rin oladi.
Ishlab chiqarish binolari ko‘p qavatli va “aqlli tizim” asosida tashkil etiladi. Elektr energiyasidan unumli foydalanish maqsadida quyosh panellari o‘rnatiladi, ekologik tozalikni taʼminlash uchun chiqindilar qayta ishlanadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida kasbga tayyorlash markazi tashkil etilib, mahalliy mutaxassislar tayyorlanadi.
Uchrashuvda dastlabki loyiha bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Yaqin kunlarda Farg‘onaga malakali mutaxassislar tashrif buyurib, loyihalarni birgalikda puxta tayyorlab, ishga kirishiladi.
Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati hokimligi va “Heyal Holding” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro xalqaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.