Fargʻona viloyatida Regapen preparatining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi
Fargʻona viloyatida Regapen preparatining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Jumladan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1994 va 2002 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs o‘zlarining tanishi bo‘lgan – Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 2001 y.t. fuqaroning “Jentra” rusumli avtomashinasida Farg‘ona tumaniga borib, qo‘shni respublikadan mamlakatimiz hududiga noqonuniy o‘tkazilgan 11 650 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishgan.
So‘ngra Qo‘qon shahriga qaytib ketayotganlarida tezkor guruh tomonidan Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilgan vaqtlarida, ular avtomashinadan dori vositalarini uloqtirib, voqea joyidan qochmoqchi bo‘lishgan. Lekin, rejalari amalga oshmagan.
Aniqlanishicha, qonunbuzarlar bu turdagi dorilarni Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida yashovchi shaxslarga sotish bilan shug‘ullanib kelishgan.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.