Fargʻona viloyati va KICC “Yashil iqtisodiyot” loyihalarini muhokama qilishdi
Fargʻona viloyati va KICC “Yashil iqtisodiyot” loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Koreya Respublikasining “KICC” (Korea Institute of Climate Change) kompaniyasi prezidenti Yong Von Shin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi
Uchrashuvda “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan issiqlik manbai va elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan generatsiya stansiyasini barpo etish loyihasi yuzasidan ma’lumot berildi.
KICC — Janubiy Koreyada faoliyat yurituvchi xalqaro ilmiy-tadqiqot va konsalting tashkiloti bo‘lib, u asosan iqlim o‘zgarishi, energiya samaradorligi hamda barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Tashkilot davlatlar bilan hamkorlikda ekologik muammolarni hal etish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish hamda turli xalqaro loyihalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan.
Muloqotda kompaniyaning xalqaro tajribasidan kelib chiqqan holda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi istiqbolli loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirib, ishlar aniq reja asosida samarali tashkil etilishi zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib olindi.