Fargʻona viloyati hokimi Konyadagi yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Turkiyaning Konya shahriga tashrifi davomida bir qator yirik sanoat zonalari, ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
Dastlab viloyat delegatsiyasi Turkiyaning yetakchi sanoat guruhlaridan biri — "Atiker Holding Anonim Şirketi" korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Delegatsiyaga kompaniya asoschisi va bosh direktori Mexmet Ali Atiker hamrohlik qildi.
"Atiker" kompaniyasi ilk faoliyatini avtomobillar uchun gaz tizimlari — LPG va CNG uskunalari ishlab chiqarishdan boshlagan. Vaqt o‘tishi bilan xolding metallurgiya, plastmassa mahsulotlari, avtomexanika, energiya va qurilish sohalarida ham o‘z ishlab chiqarish tarmoqlarini kengaytirdi.
2000 yillardan boshlab kompaniya xolding shaklida faoliyat yuritib, "Atiker Holding A.Ş" nomi bilan nafaqat Turkiyada, balki xalqaro bozorlarda ham muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Hozirgi kunda xolding tarkibida 15 dan ortiq shirkat faoliyat ko‘rsatmoqda, jami 2 ming 500 nafardan ziyod xodim mehnat qilmoqda. "Atiker" shuningdek, oshxona jihozlari va 1200 dan ziyod turdagi detallar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Shu kuni Xayrullo Bozorov "HİDROKON" sanoat korxonasida ham bo‘ldi. 1993 yilda tashkil etilgan ushbu kompaniya asosan avtomobil ustidagi ko‘targich va kranlar, shuningdek, platforma uskunalarini ishlab chiqaradi.
Hozirda "HİDROKON" Turkiyadagi mazkur sohaning ilg‘or ishlab chiqaruvchilari qatorida sanaladi va mahsulotlarining eksport hajmi yil sayin ortib bormoqda.
Korxona faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Ishlab chiqarish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Viloyat hokimi shuningdek, Turkiyaning tozalash va gigiyena mahsulotlari ishlab chiqarishda yetakchi kompaniyalaridan biri — "Sektör Kimya" faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
“Mr Oxy” (xo‘jalik tozalash vositalari) va “Dr Lory” (shaxsiy gigiyena va kosmetika mahsulotlari) brendlari bilan tanilgan kompaniya bir vaqtning o‘zida boshqa brendlar uchun ham mahsulot ishlab chiqaradi
“Sektör Kimya”ning mahsulotlarining 50 foizi 70 ta davlatga eksport qilinadi, kompaniya yiliga 1000 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqaradi va oyiga 2 milliondan ziyod mahsulot sotuvga chiqaradi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Turkiyaning Konya shahrida joylashgan "Bürotime DNA Office" markazida ham bo‘ldi. Mahsulotlar shourumi bilan ham tanishildi.
Bürotime — ofis mebellari ishlab chiqarish sohasida Turkiya va xalqaro bozorda yetakchi brendlardan biri hisoblanadi. Kompaniya faoliyatida inson salomatligi, qulaylik va ish muhitining samaradorligini oshirishga qaratilgan innovasion yondashuv ustuvor o‘rin tutadi.
Tashriflar davomida viloyat hokimiga korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar va mahsulotlarga bo‘lgan talab haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
O‘rganishlar davomida mazkur korxonalar bilan yangi loyihalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.