Fargʻona va Turkiya qoʻshma turizm loyihalari boʻyicha kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiya turizm agentliklari uyushmasida Farg‘ona viloyati va turk sayyohlik agentliklari, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir doirasida viloyatimizning sayyohlik imkoniyatlari keng namoyish etilib, viloyat hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov bu haqida batafsil maʼlumot berdi.
Farg‘onaga turk sayyohlari oqimini oshirish maqsadida hamkorlikda yangi tanishtiruv va targ‘ibot loyihalarini amalga oshirish, turizm yo‘nalishida professional taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.
O‘z navbatida, Turkiya turizm agentliklari uyushmasi (TÜRSAB) vitse-prezidenti Davut Gunaydin takliflarni qo‘llab-quvvatlab, birgalikdagi harakatlar rejasini ishlab chiqish, hamkorlikning ilk qadamlari sifatida noyabr oyi oxirida Istambul va Anqarada farg‘onalik turoperatorlar ishtirokida taqdimotlar o‘tkazish, dekabr oyida esa Turkiyaning yetakchi turoperatorlari uchun viloyatimizda infotur tashkil etishga kelishildi.
Turizm yo‘nalishida, shuningdek, Farg‘onaning “Dilrabo Trevel” va Turkiyaning “Tumbalu” kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishuv imzolanib, amaliy ishlar boshlandi.