Fargʻona shahar hokimi Istanbul erkin zonasi tajribasi bilan tanishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Istanbul sanoat va savdo erkin zonasida bo‘lib, "DESBAŞ" boshqaruv ofisi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Turkiyada xususiy sektor yer maydonida tashkil etilgan birinchi erkin iqtisodiy hudud hisoblangan Istanbul sanoat va savdo erkin zonasi 1994 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shu vaqtdan beri "DESBAŞ" tomonidan boshqarib kelinadi.
Muloqotda viloyat hokimi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda, jumladan Farg‘ona viloyatida ham sanoat zonalari ko‘payib borayotganligini qayd etdi, bu jarayonda Turkiya tajribasini ham o‘rganish muhim ekanligiga e’tibor qaratdi. Ushbu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini bog‘lashga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda mazkur sanoat va savdo erkin zonasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, Istanbul sanoat va savdo erkin zonasi 31 yillik tajribaga va umumiy 100 milliard dollarlik savdo hajmiga ega bo‘lgan Turkiyadagi yetakchi erkin zonalardan biri hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda bu yerda 300 dan ortiq kompaniya va 6000 dan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda.
Zonada faoliyat olib borayotgan kompaniyalar asosan quyosh energiyasi, avtomobil sanoati uchun ehtiyot qismlar, dengiz transport vositalari jihozlari, mashinasozlik va stanoklar, elektr-elektronika, kimyo, to‘qimachilik, kosmetika sohalarida ishlaydi.
Erkin zonada investorlarga infratuzilmasi tayyor yer maydonlari, binolar, yopiq ishlab chiqarish maydonlari, umumiy va xususiy omborxonalar, ofislar, ochiq saqlash maydonlari taklif etiladi.
Barcha infratuzilma va boshqaruv xizmatlari ko‘rsatiladi.
Erkin zonada Turkiya Savdo vazirligining Istanbul sanoat va savdo erkin zonasi direksiyasi hamda Istanbul charm erkin zonasi Bojxona direksiyasi faqat shu hudud foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatadigan davlat tashkilotlari sifatida ishlaydi.
Taqdimotda shular xususida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng tekstil bilan bog‘liq barcha kimyoviy moddalar ishlab chiqaruvchi "Dyesyn boya" kimya korxonasi faoliyati bilan tanishildi.
Korxona 2022 yilda tashkil etilgan. 20 mln dollar sarmoya kiritilgan. 2024 yilda savdo aylanmasi 10 mln dollarni tashkil etgan. Bu yil ushbu ko‘rsatkichni 15 mln dollarga yetkazish maqsad qilingan. Ilmiy tadqiqot markazini borligi bilan boshqa shu kabi korxonalardan ajralib turadi. Yiliga 17 ming tonna tozalov moddalari ishlab chiqariladi.
Korxona rahbari Ibrahim Demir taqdimot o‘tkazib, yangi loyihalar bo‘yicha ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda ham ishlab chiqarish tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish rejada borligini ma’lum qildi.
Shu kuni isitish qozonlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Gassero" korxonasi ham ko‘zdan kechirildi.