Fargʻona delegatsiyasi turk kompaniyasi bilan 10 million dollarlik shartnoma imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda viloyat delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida delegatsiya vakillari sanoat korxonalari hamda ishlab chiqarish markazlarida bo‘lib, turkiyalik ishbilarmonlar bilan muhim hamkorlik kelishuvlariga erishmoqda.
Xususan, Love Maxx, Wowo Kids va Popshops korxonalarida bolalar kiyimlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishildi. Uchrashuvlarda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi, “Qo‘qon texnoparki” maxsus sanoat zonasi hamda “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo kompleksida yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Turkiyalik ishbilarmonlarga O‘zbekistondagi mahalliy bozorlar va qo‘shni davlatlarga mahsulot yetkazib berishdagi qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Yildirim tumani rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazilib, Uchko‘prik tumanidagi “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo kompleksida yangi tekstil korxonalarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik chora-tadbirlari belgilab olindi.
Tashrif doirasida Visne Motors kompaniyasi va Kokand Bicycles MCHJ o‘rtasida benzinli va elektroskuter mahsulotlari hamda ehtiyot qismlarini yetkazib berish bo‘yicha 10 million dollarlik shartnoma imzolandi.
Kelishuvlarni amaliy bosqichiga o‘tish maqsadida turkiyalik ishbilarmonlarning Farg‘ona viloyatiga noyabr va dekabr oylarida tashriflari rejalashtirildi.