FAO va Pandemiyalarga qarshi kurash jamg‘armasi O‘zbekistonga veterinariya tizimini mustahkamlash va zoonoz tahdidlarga javob qaytarishda ko‘maklashmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatning barcha hududlarida tuman epizootologlari uchun ixtisoslashtirilgan treninglar sikllarini o‘tkazmoqda. O‘quv jarayoni «Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvi orqali pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish va va javob choralari» loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Treninglar doirasida asosiy eʼtibor zoonoz kasalliklar o‘choqlarini aniqlash va ularga javob qaytarish salohiyatini tizimli ravishda mustahkamlashga qaratilgan “7-1-7” epidemiologik kuzatuv vositasini o‘zlashtirishga qaratilgan. “7-1-7” metodologiyasi quyidagilarni nazarda tutadi:
• kasallik holatini 7 kun ichida aniqlash,
• 1 kun ichida xabar berish,
• keyingi 7 kun ichida javob choralarini boshlash.
Ushbu dastur doirasida mamlakat bo‘ylab 300 dan ortiq tuman epizootologlarini o‘qitish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha 250 dan ziyod mutaxassis treningdan o‘tib, zoonoz tahdidlariga samarali javob berish uchun “7-1-7” vositasini qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar va bilimlarga ega bo‘ldi.
Brutsellyoz, quturish va oqsil kasalliklari kabi kasalliklarni kuzatish va nazorat qilish samaradorligini oshirish nafaqat sanitariya va oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan, balki milliy iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ham egadir. Epidemiologik kuzatuvning ishonchli tizimi chorvachilik sohasiga investitsiyalarni jalb etishga, mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishga va yangi xalqaro bozorlarga chiqishga ko‘maklashadi. Veterinariya nazoratini kuchaytirish xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh va barqaror tarmoqni shakllantiradi.
Bundan tashqari, epidemiologik kuzatuv faoliyatlarini amalga oshirish va ilg‘or metodikani joriy etish O‘zbekistonning Jahon hayvonot sog‘lig‘i tashkiloti mezonlariga muvofiq ayrim xavfli kasalliklardan xoli mamlakat maqomini olishi uchun zamin yaratadi. Bunday maqom savdo hamkorlari ishonchini oshiradi va tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Treningning asosiy maqsadlari:
• Zoonoz kasalliklar o‘choqlarini barvaqt aniqlash va javob berish tizimini mustahkamlash;
• Veterinariya va sanitariya-epidemiologiya xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish;
• “7-1-7” vositasini amaliy qo‘llash bo‘yicha o‘qitish.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalari barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli strategiyaning bir qismi bo‘lib, unda insonlar, hayvonlar va atrof-muhit salomatligi bir butun va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan — “Yagona salomatlik” konsepsiyasi ilgari suriladi.